Telegram jamoasi messenjerning ishi nosozlikdan so‘ng qayta tiklangani haqida ma'lum qildi.
Telegram ishidagi nosozlik bugun, 15 mart kech soat beshlarda kuzatilgan. Downdetector portali ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya va AQShdagi foydalanuvchilar xabar olish va jo‘natishda, tizimga kirishda muammolarga duch kelgan.
"Hozirda faoliyat tiklandi. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Agarda guruh chatlaringizni ko‘rmayotgan bo‘lsangiz, tizimdan chiqib, qayta kiring", - deyiladi messenjerning Twitter sahifasida.
Avvalroq Telegram foydalanuvchilari soni bir sutka ichida odatdagidan 10 barobarga ko‘paygani xabar qilingandi.
Google Play’dagi 200dan ortiq ilovada zararli dasturiy ta'minot borligi aniqlandi, deyiladi Check Point Research tadqiqot kompaniyasi xabarida.
"Reklamali zararli dasturiy ta'minotning alohida turi 206 ilovada topildi, ular qariyb 150 million marta ko‘chirilgan. Zararli ilovalar Google Play magazinidan zudlik bilan o‘chirib yuborildi", - deyiladi xabarda.
Check Point ekspertlari bu zararli dasturni SimBad deb nomlashdi. U zararlangan ilova o‘rnatilgan smartfonda reklamalar namoyish etadi, login va parollarni o‘g‘irlaydi hamda rasmiy muassasa va ijtimoiy tarmoqlar nomidan smartfon egasiga xabarlar jo‘natadi.
Mazkur dastur Google Play va 9Apps magazinlarini ham ochib, o‘chirib tashlangan ilovani qayta o‘rnata ham oladi.
2019 yil kuzida taqdim qilinadigan yangi avloddagi iPhone qurilmasida 3D-suratlar olish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Business Insider nashri xabar berdi.
Yangi avloddagi iPhone’da paydo bo‘lishi kutilayotgan yangi funksiyalardan biri uchta linzali kamera bo‘ladi. Shu tariqa Apple o‘z qurilmalarini bunday kameralar bilan jihozlagan Samsung va Huawei kompaniyalariga yetib oladi. AQSh kompaniyasi yangi iPhone’larini 3d-kameralar bilan 2020 yildan jihozlashi kutilmoqda, biroq ushbu texnologiya bungacha iPad planshetlarida sinab ko‘rilishi mumkin.
Bundan tashqari, smartfon egasini tanishga mo‘ljallangan Face ID dasturi yaxshilanadi.
Shuningdek, yangi qurilmada Samsung Galaxy S10’da o‘rnatilgandek boshqa qurilmalarni quvvatlash funksiyasi paydo bo‘lishi mumkin.
Surreya universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazishdi va ijtimoiy tarmoqlar nafaqat ruhiy, balki jismoniy salomatligimizga ham ta'sir qilishini aniqlashdi.
Facebook ruhiy salomatlikka jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin: tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, doimiy ravishda yangiliklar tasmasini ko‘zdan kechirish va o‘zini o‘zgalar bilan taqqoslashga undaydigan ijtimoiy tarmoqlar odamni yolg‘iz va tushkun kayfiyatda bo‘lishga majbur qiladi, o‘z-o‘ziga beradigan bahosini pasaytirib, ijtimoiy xavotirni oshiradi. Biroq saytning zarari ruhiy holatingiz bilangina cheklanmaydi. Surreya universitetining Heliyon jurnalida e'lon qilingan yangi tadqiqoti Facebook’da o‘zini o‘zgalar bilan taqqoslaydigan odamlarga ularning salomatligi, masalan, uyqu miqdori, vazni do‘stlarinikiga qaraganda yomonroq bo‘lib tuyular ekan. Bu – ijtimoiy tarmoqlarning o‘z-o‘zimizni anglashimiz borasida o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlarning bir qismi.
Salomatlik ruhiyati professori Brijyet Dibb Facebook foydalanuvchilaridan 165 nafari o‘rtasida ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi, shuningdek, ular so‘nggi ikki haftada charchoq, vaznning o‘zgarishi va mushaklardagi zo‘riqishlar kabi belgilarni boshdan kechirganliklari borasida so‘rovnoma o‘tkazgan. Dibb qonuniyatni sezdi: odamlar tushkunlik va siqilish holatlarida o‘zlarini yomon his qilganliklarini ma'lum qilishdi. Facebook’ning eng faol foydalanuvchilari ko‘pincha toblari qochishini aytishgan. Oxir-oqibat, o‘zlaridan ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan deb hisoblaydigan tanishlari bilan taqqoslab, bu nomuvofiqlikdan ishtiyoq va ilhom olishganida ham jismoniy jihatdan o‘zlarini yomon his etishadi. Bu munosabatlar albatta sabab-oqibat natijasi sanalmaydi: salomatligi yaxshi bo‘lmagan kishilarga do‘stlari ularga qaraganda yaxshiroq yashagandek tuyuladi va bu ularning holatini yanada yomonlashtiradi.
«Yanada chuqur tadqiqotlar haqiqiy munosabatlar va sababning yo‘nalishlarini ko‘rsatadi. Faqat shundagina ijtimoiy tarmoqlardagi taqqoslashning uzoq muddatli salbiy natijalarini aniqlashimiz mumkin», - deya yozadi Dibb.
Ayonki, Facebook va ijtimoiy tarmoqlar odamlar salomatligiga uzoq vaqt davomida ta'sir qilishini tushunish uchun ko‘proq tadqiqot va so‘rovnomalar o‘tkazish kerak. Surreya universiteti olimlarining fikricha, ijtimoiy tarmoqlar kishilarni o‘zlarini nafaqat ruhiy jihatdan yomon his etishga majbur qiladi, balki jismoniy nuqtai-nazardan ham yomonroq ekanliklari to‘g‘risidagi fikrni singdiradi.
Shveytsariyaning A. Favre & Fils soat ishlab chiqaruvchi kompaniyasi kriptovaluta hamyoni o‘rnatilgan soat modeli ustida ishlamoqda. Bu haqda CoinDesk portali xabar berdi.
Uch yuz yillik tarixga ega kompaniya o‘z mahsulotini 2019 yilning ikkinchi yarmida taqdim etishni rejalashtirgan. Narxi esa tayyorlangan xomashyosiga qarab 100 mingdan 150 ming frankkacha bo‘ladi (102 mingdan 153 ming dollargacha). Ishlab chiqaruvchilar hamyondagi valuta blokcheyn asosidagi xavfsizlik tizimi yordamida ishonchli himoyalanishiga va'da berishmoqda.
Avvalroq Shveytsariyaning yana bir kompaniyasi Hublot kriptovalutaning 10 yilligiga bag‘ishlab Big Bang deb nomlangan soatlarini ishlab chiqargandi. Ularning narxi 25 ming dollar bo‘lib, faqatgina bitkoynga sotib olish mumkin.
Samsung kompaniyasi yangi Galaxy S10 va S10+ flagman smartfonlari dizaynini rasmiy taqdimotidan barvaqt oshkor qilib qo‘ydi. Samsung o‘z qurilmalari uchun Android negizida ishlab chiqqan One UI operatsion tizimiga bag‘ishlangan maqoladagi suratlarda kompaniyaning mavjud smartfonlariga o‘xshash bo‘lmagan dizaynga ega smartfon ko‘rsatilgan. Bunga Reddit foydalanuvchilaridan biri e'tibor qaratgan. Samsung tezda maqoladagi suratlarni tuzatgan, biroq suratlar internetda tarqalishga ulgurgan. Suratlardagi smartfonlarda displey atrofida ingichkaroq ramkalar va old kamera uchun kichik o‘yiqcha borligini ko‘rish mumkin.
Avvalroq kompaniya yangi smartfonlarini 20 fevralda taqdim qilishini e'lon qilgandi. Kompaniya smartfonlar bilan birga yangi Galaxy Watch smart-soati va yig‘iluvchi smartfonining yakuniy variantini taqdim qilishi mumkin. Taxmin qilinishicha, Galaxy S10’ga buyurtmalar olish 20 fevralda, savdosi esa 8 martda boshlanadi,
Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, yangi seriyaga uchta asosiy model kiradi, bular: 6,4 dyuymli Galaxy S10+, 6,1-dyuymli Galaxy S10, 5,8-dyuymli Galaxy S10 Lite yoki Galaxy S10 E. Shuningdek, yangi smartfonning 5-avloddagi tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlovchi alohida varianti chiqarilishi kutilmoqda.
Telegram messenjerini ishlab chiqqan Pavel Durov Telegram Messenger LLP kompaniyasini tugatishga qaror qildi. Dasturchi bu qarorni Telegram messenjeri Roskomnadzorning internetda ma'lumot tarqatishni tashkillashtiruvchilar ro‘yxatiga kiritilgandan keyin qabul qilgan.
Bu ro‘yxatga kiruvchilar Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga foydalanuvchilar yozishmalarini deshifrovkalash kalitlarini taqdim qilishlari shart. Bundan tashqari, foydalanuvchilarning barcha ma'lumotlari Rossiyada saqlanishi lozim.
Shu sababli Durov Buyuk Britaniya yuridik shaxslari davlat ro‘yxatiga kompaniyasini tugatish iltimosi bilan murojaat qilgan Durov ushbu arizani 2018 yil 19 dekabrda topshirgan. Bu qaror Telegram’ning bloklanishiga ta'sir qilmaydi.
Mutaxassislarning fikricha, kompaniyaning tugatilishi Durov biznesi strukturasining o‘zgartirilishi mumkinligi bilan bog‘langan.
Kompaniya 2014 yil fevralda tashkil etilgan. Telegram messenjeri FXXning talabini bajarishdan bosh tortish sababli Rossiyada 2018 yil aprelida bloklangan. Messenjerni bloklash Roskomnadzor so‘ragan, javobgar Telegram Messenger LLP hisoblanadi.
Samsung kompaniyasi yangi smartfoni – Galaxy S10’ning taqdimoti sanasini e'lon qildi. Joriy yilda o‘rnatilgan an'ana va mutaxassislar taxminiga zid ravishda, qurilmaning taqdimoti Barselonada o‘tuvchi Mobile World Congress ko‘rgazmasi oldidan bo‘lib o‘tadi. Qurilma 20 fevralda San-Frantsiskoda o‘tadigan Samsung Unpacked tadbirida taqdim qilinadi.
Avvalroq yangi smartfon ekranining diagonali 6,1 dyuymni tashqil qilishi, qurilma qo‘sh kamera va Snapdragon 855 protsessori bilan jihozlanishi ma'lum qilingan.
Apple’ning AirPods quloqchinlaridan foydalanuvchilar uning antiqa funksiyasini aniqlashdi. Bu funksiya evaziga o‘zga odamlarning suhbatlarini eshitish mumkin.
Quloqchin egalarining aniqlashicha, eshitishida muammoga ega bo‘lganlarga mo‘ljallangan ushbu yangi funksiya yordamida o‘zga odamlar nima haqida so‘zlashayotganini tinglash mumkin. Buning uchun qurilmani boshqarish punkti sozlamalariga quloq suratiga ega ikonkani qo‘shish lozim. Bu ikonka bosilganda qurilma mikrofonlarga keluvchi tovushning ovozini balandlatadi. Buning evaziga ancha olisda turgan odamlarning gapi va shivirlashini eshitish mumkin bo‘ladi.
Ushbu funksiyaning paydo bo‘lgani haqida 2018 yil yozida ma'lum bo‘lgan. Uni faollashtirish uchun iPhone’dagi operatsion tizimni iOS 12 versiyagacha yangilash kerak.
AQShning IBM kompaniyasi ma'lumotlarni qayta ishlash uchun kvant mexanikasi hodisalaridan foydalanuvchi yangi superkompyuteri – Q System One’ni taqdim qildi.
Yangi kompyuter yaqin ikki yil ichida oddiy kompyuter o‘rnini egallashi dargumon, chunki qalinligi bir santimetrdan ko‘proq bo‘lgan borosilikat oynadan bajarilgan va 2,7 metrga 2,7 metr o‘lchamga ega. Unda kubitlar (ma'lumotni saqlash uchun mo‘ljallangan eng kichik elementlar) elektr magint nurlanish va harorat o‘zgarishiga uchraydi va buning evaziga hisoblash bajariladi.
Yangi qurilmaning texnik imkoniyatlari mutaxassislarni hayratlantirishi aniq. U 20 kubitlik tizimga ega bo‘la turib, 90-mikrosoniyalik “kogerentlik”ka ega kubitlarni ishlab chiqarishi mumkin, bu esa unga bir vaqtda “miyada” 50 mlrdta turli kattaliklarni saqlashga imkon beradi.
Ta'kidlanishicha, kompyuter tijoriy qo‘llash va “kelajakda ayni vaqtda juda murakkab hisoblangan muammolarni”, misol uchun, moliyaviy ma'lumotlarni tahlil qilish, investorlar uchun xatar omillarini aniqlash, yetkazib berish tizimlarini optimallashtirish va boshqa ko‘plab masalalarni yechishga mo‘ljallangan.
Ayni vaqtda kompyuterni sotib olishning imkoni yo‘q, chunki uni ishlab chiqish va takomillashtirish bo‘yicha ishlar hali yakunlanmagan, havo haroratiga talabchanligi esa ularni qo‘llashni muammoli qiladi. Biroq kompaniyada ta'kidlanishicha, bunday tizimlarni tez orada ijaraga olish va internet orqali qo‘llash mumkin bo‘ladi.